Joriy yilning 25-noyabridan 9-dekabriga qadar Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg politexnika universitetining "Raqamli muhandislik" ilg‘or muhandislik maktabi negizida "Yangi ilmiy ufqlar" muhandislik fanlari bo‘yicha "Qishki universitet" dasturiga start berildi.
Yosh muhandislar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida tashkil etilgan ushbu dasturda 15 ta mamlakatdan 600 dan ortiq talabalar ishtirok etmoqda. Jumladan, Andijon mashinasozlik institutining 5 nafar talabasi ham qatnashmoqda.
Muhandislik ijodiyotida raqamli texnologiyalar, tizimli raqamli muhandislik va sun’iy intellekt texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan dastur doirasidagi tadbirlar Politexnika universitetidan tashqari, Pskov hamda Novgorod davlat universitetlari maydonlarida ham tashkil etiladi.
O‘quv mashg‘ulotlarida faol ishtirok etgan va berilgan topshiriqlarni belgilangan tartiblarda bajargan jamoalar yakunda tashkilotchilar tomonidan sovrinlar bilan taqdirlanadilar.