Andijon mashinasozlik institutida Andijon shahridagi “Uz-Koram Ko.” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Anvar Hasanovning bitiruvchi bosqich talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda ming nafardan ortiq ishchi mehnat qilayotgan korxona tarixi, faoliyat ko‘rsatish sohasi, kadrlarga bo‘lgan talab, ishlab chiqarish jarayonlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Qayd etish lozim, bugungi kunda korxonada yengil avtomobillar uchun bamperlar, instrumental panellar, eshik qoplamalari, zarba yutkichlar ishlab chiqariladi.
Korxonada yangi loyihalarning amalga oshirilishi natijasida ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga ortmoqda. Bu esa salohiyatli kadrlarga bo‘lgan talabning ham ortishiga xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda ishlab chiqarishdagi mavjud muammolarni institut bilan birgalikda ilmiy yondashuv asosida yechimlar topish va talabalar amaliyotini tashkil etishdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish kabi masalalar ham muhokama etildi.