Bolgariya Respublikasining Angela Kincheva nomidagi Rusen universiteti mamlakatdagi tabiat, suv resurslari va ekologiya sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan bo‘lib, bugungi kunda muassasada 10 ming nafardan ortiq talaba va doktorantlar tahsil olmoqda. Muassasada talabalar 50 ta bakalavriat va 80 dan ortiq magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim olishadi.
Andijon mashinasozlik instituti ushbu oliygoh bilan Yevropa ittifoqining Erasmus+ Xalqaro almashinuv dasturi doirasida doimiy akademik hamkorlik qilib kelmoqda.
Kuni kecha ushbu universitetning bir guruh vakillari - faxriy rektor va Bosh Assambleya raisi, akademik Xristo Beloyev; Innovatsion ta’lim texnologiyalari markazi rahbari Angel Smikarov, Elektrotexnika, elektronika va avtomatika fakulteti xalqaro hamkorlik koordinatori Stoyanka Smikarovalar Andijon mashinasozlik institutiga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni institut axborot texnologiyalar bo‘yicha prorektori Murodjon Sherboyev boshchiligida bo‘lim boshliqlari va kafedra mudirlari kutib oldi.
Dastlab uchrashuv o‘tkazildi. Unda innovatsion ta’lim texnologiyalari bo‘yicha Yevroosiyo loyihasi doirasidagi hamkorlikning borishi va qo‘shma faoliyat natijalari muhokama qilindi.