Yoshlar terrorizm xavfini qanday tushunadi?
Andijon mashinasozlik institutida talabalar o‘rtasida "Men terrorizm xavfini qanday tushunaman?" mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi.
Talabalarning ijodiy salohiyatlarini yuksaltirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, ular qalbida yot g‘oya ta’sirlariga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tanlov avvalida institutning yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Muhtaram Xaliqova va Gumanitar fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi Ozodbek Ergashevlar tomonidan mavzu haqida qisqa tushunchalar berildi.
Tanlovga taqdim etilgan insholar O‘zbek tili va adabiyoti hamda Gumanitar kafedralarining o‘z sohasida katta tajribaga ega professor-o‘qituvchilari tomonidan tahlil etilib baholanadi.
Yozilgan insholar orqali talabalar fikrlarining ravon va to‘g‘ri ketma-ketlikda bayon etilgani, mavzuning to‘liq ochilgani, mavzuga oid faktlar va misollarning o‘rinli keltirilgani, keltirilgan faktlar, misollarga berilgan shaxsiy fikr-mulohazalarning o‘rinliligi, boshqa insholarga o‘xshamasligi va alohida ajralib turish darajasi, badiiy yondashuvning mavjudligi va boshqalar tekshiriladi.
G‘oliblar 17-noyabr – Xalqaro talabalar kuni arafasida o‘tkaziladigan bayram tadbirida taqdirlanadi.