Andijon mashinasozlik institutida “Uzavtomotors” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, magistrlar hamda bakalavriat yo‘nalishlarining bitiruvchi bosqich talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda institut Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Ulugbek Madrahimov, “Uzautomotors” AJ ijrochi direktorining ishlab chiqarish va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Byungil Yu hamda jamiyat qoshidagi akademiya direktori Baxtiyor Uraimovlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda Byungil Yu mamlakatimizdagi eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblangan korxona tarixi, faoliyati, yutuqlari va kelgusidagi rejalar haqida taqdimot o‘tkazdi.
Shuningdek, avtosanoat korxonalarida xodimlarni tanlash, kadrlar zaxirasi va boshqalar haqida tushunchalar berildi.
Ochiq muloqot o‘tkazilib, yoshlar institutda olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llashlari va malakali mutaxassis sifatida shakllanishlari uchun korxonada mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikrlar almashildi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar mas’ullardan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
Uchrashuvdan so‘ng, Byungil Yu janoblari institutda talabalarga yaratilgan sharoitlar, laboratoriyalar va avtoservis bilan yaqindan tanishdi.