Qizlarning bilimli va zukko bo‘lishi oilada sog‘lom muhit shakllanishi va farzandlar tarbiyasida muhim ahamiyatga ega. Biroq, ayrim sabablarga ko‘ra o‘qishga imkon topa olmagan, sharoit taqozosi bilan orzulari armonga aylangan xotin-qizlar talaygina.
Davlatimiz rahbarining 21-fevraldagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoniga ko‘ra, xotin-qizlarning qiziqishlari va intilishlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida “Qizlar akademiyasi” platformasini ishga tushirish belgilangan edi.
Ushbu platforma orqali xotin-qizlar tadbirkorlik, marketing, psixologiya kabi zamonaviy kasblarni mobil ilova orqali o‘rganish imkoniyati mavjud.
Andijon mashinasozlik instituti Axborot-resurs markazida "Saylov va yoshlar" targ‘ibot loyihasi doirasida ushbu platformaning targ‘ibotiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda platformani tashkil etishdan maqsad yosh xotin-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom fikr beradigan manbalarni ko‘paytirishdan iborat ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, «Qizlar akademiyasi» loyihasida muvaffaqiyatga erishgan qizlar o‘zlarining yutuqlari haqida ishtirokchilarga so‘zlab berdi.