Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdialiyev joriy yilning iyul oyida Germaniya Federativ respublikasiga uyushtirgan xizmat safari davomida Mersburg aniq fanlar universitetida bo‘lib, muassasa rahbariyati bilan uchrashgandi.
Ushbu uchrashuv davomida rektor universitet mas’ullarini O‘zbekistonga taklif qilgandi.
Kuni kecha universitetning xalqaro ofis/til markazi rahbari Gabi Meister xonim Andijon mashinasozlik institutiga tashrif buyurdi.
Dastlab, mas’ullar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida uzoq yillik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi uchun yaratilgan imkoniyatlar e’tirof etib o‘tildi.
Jumladan, kelgusi yilning mart-aprel oylariga talabalarni almashinuv dasturlariga jalb qilinishi nazarda tutilganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish orqali talaba almashinuvini mustahkamlash, akademik mobillik doirasidagi islohotlarni izchil yo‘lga qo‘yish, fan dasturlari va o‘quv adabiyotlarni hamkor institutlar professorlari tajribalari asosida tayyorlash, yosh olimlarni stajirovka asosida malakalarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Gabi xonim Andijon shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirildi.