Mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini o‘rganish, xalqimiz hamda xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, muhimi, yoshlarimiz ongi va shuuriga yetkazib, ularda ona-Vatanga bo‘lgan muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 19-avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni ana shu ezgu ishlarning uzviy davomi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Alloma tavalludi munosabati bilan Andijon mashinasozlik institutida Respublika ma’naviyat-ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi hamkorligida “Buyuk muhaddisga ulug‘ ehtirom” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Unda institut birinchi prorektori Akmaljon Ermatov, Respublika ma’naviyat-ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari o‘rinbosari Nafisaxon Maraximova va Andijon shahridagi “Xoliqberdiboy” masjidi imomi Ulug‘bek Nazirovlar ma’ruza qildilar.
Tadbirda bobolarimiz yozib qoldirgan ma’naviy merosni o‘rganish bugungi axborot asrida, xususan, kishilar ongi va qalbini egallash uchun kurashlar ketayotgan bir paytda har jihatdan muhim ekanligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, ulug‘ mutafakkirlarimizni yaqindan tanish, ularning benazir merosidan bahramand bo‘lish zarurligi ta’kidlandi.
Ma’ruzachilar tomonidan Imom Abu Iso at-Termiziyning hayoti, islom olamida tutgan o‘rni, asarlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
“Buyuk bobolarimizning hayot yo‘llarini, ularning asarlarini o‘rgansak, biz uchun juda katta manfaatlar bor. Zotan, butun islom olamida Imom Termiziydek olimlarning kitoblari katta qiziqish bilan o‘rganilar ekan, bu borada biz barchaga ibrat bo‘lishimiz kerak”,- deydi Ulug‘bek Nazirov.
Tadbir davomida Termiziy asarlaridan namunalar o‘qildi.