So‘nggi yillarda mamlakatimizda investitsiyalar va sanoatni rivojlantirish, tashqi savdo aloqalarini kengaytirish, mahalliy va xorijiy investorlar uchun jozibador ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan qator izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Natijada sanoat, energetika va axborot texnologiyalari rivojlanib, yangi-yangi majmualar ishga tushirilmoqda, minglab ish o‘rinlari tashkil etilmoqda.
Ushbu korxonalar uchun zamonaviy bilim va malakaga ega muhandis va texniklar zarur.
Andijon mashinasozlik institutida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bilan o‘tkazilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida ayni shu masalalarga e’tibor qaratildi.
“Tadbirkorlarga barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib beryapmiz. Zamonaviy texnikalar olib kelinib. yuzlab ish o‘rinlari yaratilyapti. Ammo bizni qiynayotgan eng katta muammo shu texnologiyalarning o‘z mutaxassislari qo‘liga berilmayotgani bo‘lmoqda. Shu sababli har bir korxonada alohida xonalar tashkil etilib, bundan keyin bitiruvchilar ham nazariy, ham amaliy bilimlarni o‘sha yerda oladi. Ya’ni, dual ta’limni yo‘lga qo‘yamiz. Bilim va ko‘nikmalarni yaxshi o‘zlashtirgan bitiruvchilar o‘sha yerning o‘zida ishga olib qolinadi”,- dedi viloyat hokimi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida viloyat rahbari mutasaddilarga bitiruvchilarni viloyatdagi korxonalar faoliyati bilan tanishtirish hamda ularni tegishli tartibda biriktirish topshirig‘ini berdi.