Andijon mashinasozlik instituti Transport va logistika fakultetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Zukkolik, tezkorlik, yuqori bilim va salohiyat talab etgan intellektuallar bahsida barcha fakultetlarda o‘n sakkizta jamoa ishtirok etib, o‘zlarining bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Bellashuvda ishtirokchilar institutga biriktirilgan taniqli ijodkorlar - O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir Minhojiddin Mirzo, O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi, shoira O‘ktamxon Soliyeva hamda etnograf, folklorshunos, jurnalist, shoira, “Shuhrat” medali sohibasi Guljahon Mardonovaning hayoti va ijodi bo‘yicha savollarga javob berishdi.
Ajoyib atmosfera yaratgan bilimlar bahsi yakuniy natijalariga ko‘ra, Intellektual boshqaruv va kompyuter tizimlari fakultetining “Tafakkur” jamoasi g‘olib deb topilib, uch million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Transport va logistika fakultetining “Fenomenal” jamoasi ikkinchi va ikki yarim million so‘m hamda Iqtisodiyot fakultetining “Incredible” jamoasi uchinchi va bir yarim million so‘m pul mukofotiga sazovor bo‘ldi.
G‘oliblar 8-oktyabr kuni o‘tkaziladigan tadbirda taqdirlanadi.