Yangiliklar

Image

O‘qituvchi va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatildi

Andijon mashinasozlik institutida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tadbir tashkil qilinib, soha fidoyilari uchun bayram dasturxoni yoyildi. Unga nuroniy ustozlar, professor-o‘qituvchilar va bir qator soha fidoyilari taklif qilindi.

Dastlab, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yosh avlodning ma’naviy dunyosi boy, yuqori intellektual salohiyatga ega bo‘lib ulg‘ayishida fidokorona mehnat qilib kelayotgan fidoyi kasb egalari bo‘lgan aziz ustozlarni bayram bilan muborakbod etdi.

Shundan so‘ng institut rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyev so‘zga chiqib, vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga qodir yangi avlodni tarbiyalashda o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari boshchiligida oliy ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, professor-o‘qituvchilarga yaratilayotgan sharoitlar, ularning fidokorona mehnatini rag‘batlantirish, moddiy ta’minotini yaxshilash borasidagi ishlarni qayd etdi.

Tadbirda oliy ta’lim sohasida faoliyat olib borib, yosh avlodning sifatli bilim olishida o‘zining fidokorona mehnatlari bilan namuna bo‘lib kelayotgan, sohaning rivojlanishi uchun o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan bir qator soha fidoyilariga «Oliy ta’lim a’lochisi» ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, bir guruh professor-o‘qituvchilar va xodimlar ta’lim tizimining barcha jabhalarida samarali faoliyat olib borayotganligi, jamiyatdagi faolligi uchun viloyat hokimining faxriy yorliqlari, institut rektorining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbir davomida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Andijon viloyat bo‘linmasi san’atkorlari ijrosidagi sho‘x kuy va qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Qidirish