Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida ikki mamlakat o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi o‘tkazildi.
Unda Italiyaning Universitetlar va tadqiqotlar vazirligi hamda uning huzuridagi 25 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi, shuningdek, mamlakatimizning 40 dan ortiq yetakchi oliygohlari rektorlari ishtirok etdi.
Forumda Andijon mashinasozlik instituti rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyev ham qatnashdi.
Forum doirasida 20 dan ortiq bitim va memorandumlar imzolandi.
Jumladan, Andijon mashinasozlik instituti hamda Italiyadagi Turin politexnika universiteti o‘rtasida umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan sohalarda o‘quv faoliyati va tadqiqotlarda o‘zaro hamkorlikni rag‘batlantirishni nazarda tutgan anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandumga asosan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalarining akademik-kasbiy tayyorgarligini qo‘llab-quvvatlash, muhandislik, IT va iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot doktoranturalarini rivojlantirish, xalqaro miqyosdagi aloqalar tarmoqlarini shakllantirish hamda ilmiy-texnologik va tadbirkorlik madaniyatini targ‘ib qiluvchi institutsional tadbirlarni tashkil etish loyihalari amalga oshiriladi.
Shuningdek, talabalar, ilmiy xodimlar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, oldindan belgilangan mavzular bo‘yicha o‘qish, amaliyot o‘tash va seminarlar o‘tkazish, axborot, hujjatlar va ilmiy nashrlar almashinuvi belgilangan.