Andijon mashinasozlik institutida yoshlarda harbiy-vatanparvarlik, yurt tinchligi va taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘ularini yuksaltirish maqsadida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Unda Andijon viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Botirjon Ashurov hamda institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Suhrobjon Aliyevlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish borasida keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligini ta’kidlandi.
Har bir talaba oliygohda ta’lim olish jarayonida o‘z oldiga yetuk mutaxassis bo‘lish, el-yurti uchun xizmat qilishni maqsad qilib qo‘ysagina, kelajakda komil inson bo‘lishi aytildi.
Bundan tashqari Botirjon Ashurov soha xodimlarining qiziqarli, murakkab va sharafli xizmat faoliyati haqida so‘zlab, yoshlarga ish faoliyati va hayot yo‘llarida zarur bo‘ladigan taklif va tavsiyalarini berdi.
Muloqot chog‘ida yosh kadrlarni qiynab kelayotgan muammolar va ularning yechimi muhokama etildi.
Yoshlar tomonidan rahbarlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollari yo‘llanib, ularga javoblar olishdi. Shuningdek, tashkilotchilar tomonidan talabalarga favqulodda vaziyatlar holatlari, mehnat muhofazasi va boshqa mavzularda savollar berildi. Faol ishtirokchilar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir doirasida yong‘in xavfsizligi, harbiy texnik vositalar, milliy va an’anaviy buyumlar ko‘rgazmalari tashkil qilindi.