Yangiliklar

Image

“Mustaqillik darsi”da talabalar qasamyod qildilar

Andijon mashinasozlik institutida “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” shiori ostida “Mustaqillik darsi” hamda “Birinchi kurs maktabi” tadbiri tashkil etildi.

Unda institutning faxriy professor-o‘qituvchilari va yosh olimlar, Elektrotexnika hamda Intellektual boshqaruv va kompyuter tizimlari fakultetining 1-bosqich talabalari ishtirok etdi. 

Tadbirni Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Muhtaramxon Xaliqova olib bordi.

Mustaqillik darsida Axborot texnologiyalari kafedrasi  professori, iqtisod fanlari doktori, professor Abdujabbor Abdullayev, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent  Erkin Qo‘ldoshov , O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchilari Muharramxon Azizova hamda Feruzaxon Karimovalar so‘zga chiqib, Mustaqillik va Vatan tushunchasi, so‘nggi o‘ttiz yilda amalga oshirilgan ishlarni hayotiy misollar orqali tushuntirib berdilar. Shuningdek, o‘z faoliyatlari, tajribalari, erishgan yutuqlari va  shogirdlari to‘g‘risida so‘zlab, bilim olgan inson hech qachon kam bo‘lmasligini alohida qayd etdilar.

Shundan so‘ng talabalarning qasamyodi o‘tkazildi. Unda birinchi bosqich talabalariga ustozlar tomonidan ramziy talabalik guvohnomasi va reyting daftarchasi topshirildi. Institutga eng yuqori ball bilan kirgan talabaga ramziy “Bilimlar kaliti” berildi.

Tadbir davomida iste’dodli talabalar tomonidan ona-Vatanni, hurlik va tinchlikni madh etuvchi she’rlari ijro etildi.

 

Qidirish