Andijon mashinasozlik institutida Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari dasturlari yuzasidan professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlarining O‘zbekistondagi dasturlari koordinatori Aziza Nuriddinova qatnashib, Faculty Enrichment Program (FEP) dasturi haqida ma’lumot berdi.
Ushbu dastur oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan bo‘lib, unda O‘zbekistonlik professor-o‘qituvchi va boshqa ilmiy izlanuvchilar Amerikada o‘z bilim va malakalarini oshirishi mumkin.
To‘rt oy davom etuvchi akademik malaka oshirish dasturi o‘zbekistonlik oliy ta’lim o‘qituvchilariga pedagogik mahorat va kasbiy intizomiy bilimlarni egallash imkonini beradi.
Dastur davomida ishtirokchilar o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, o‘qitishning muqobil usullarini o‘rganish va ta’lim sohasida o‘z tajribalarini kengaytirish bilan shug‘ullanadilar. Shuningdek, dastur kurslarni kuzatish, akademik anjumanlarda qatnashish va mezbon oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan bevosita birga ishlashni ham nazarda tutadi.
Uchrashuv mobaynida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.