Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Xon atlas” haftaligi viloyatimizda ham yuqori saviyada tashkil etilmoqda.
Xalqimizning milliy qadriyatlarini targ‘ib etish, urf-odat, an’analarimizga hurmat va ehtiromni yanada oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur haftalikda Andijon mashinasozlik instituti go‘zal va dilbar xotin-qizlari ham faol ishtirok etmoqda.
13-sentyabr kuni o‘tkazilgan tadbirda institut o‘qituvchi-pedagog ayollari hamda talaba qizlari atlas, adras, beqasam, banoras kabi rang-barang liboslarda kiyib, milliy matolar, urf-odat va an’analar naqadar boy ma’naviy qadriyatga hamohang ekanligini namoyon etishdi.
Davra suhbati davomida milliy matolarimiz bo‘lmish atlas va adrasning o‘ziga xosligi, tabiiyligi va nafisligi, milliy liboslarimizning bejirim did va funksionalligi borasida fikrlar almashildi. Nafosat, go‘zallik va o‘zbek ayol-qizlariga xos bo‘lgan ma’naviy fazilatlar haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, o‘zbek xalqining madaniyati, urf-odati va an’analari, milliy liboslari uzoq tarixga ega bo‘lib, dunyo tamadduni tomonidan ham e’tirof etib kelinayotgani alohida ta’kidlandi.
Qayd etish kerak, yosh avlodda milliy g‘urur hissini uyg‘otish, madaniy ildizlariga bo‘lgan hurmat va qiziqishni kuchaytirish, milliy urf-odat va an’analar bilan birga umuminsoniy axloq qoidalarini shakllantirishga xizmat qiluvchi bu kabi tadbirlar barchada katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Tadbir davomida talaba qizlar tomonidan badiiy chiqishlar qilindi.