Andijon mashinasozlik instituti Transport va logistika fakultetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, akademik Dilshat Tulyaganov bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirni ochib bergan institut prorektori Ulug‘bek Madrahimov uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad akademik olimning ilmiy faoliyatini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, shu asnoda ularning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini orttirish, mustahkam bilim olishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat ekanligini bildirdi.
Shuningdek, Dilshat Tulyaganovning ilmiy faoliyati haqida hikoya qilar ekan, uning mamlakatimizda kimyo fani munosib hissasini qo‘shib kelayotgan fidoyi olim sanalishini aytib o‘tdi.
Uchrashuv davomida akademik “Ipak yo‘li orqali qumdan shisha va shisha keramikagacha bo‘lgan jarayon” mavzusida ma’ruza qilib, yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirgan ilmiy-tadqiqot jarayonlari, olingan natijalar bo‘yicha ishtirokchilarga ma’lumot berdi.
Samimiy muloqot tarzida kechgan tadbir mobaynida yoshlarni ilm yo‘lidan borishga, kimyo fanining hali kashf etilmagan yangi qirralarini ochishga undadi hamda fanni rivojlantirishning noan’anaviy uslublari to‘g‘risida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan turli savollarga atroflicha javob oldilar.