Bugun mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan barcha oliy ta’lim dargohlarida bo‘lgani kabi Andijon mashinasozlik institutida ham «Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» mavzusida "Birinchi kurs maktabi" bayram tadbiri o‘tkazildi.
Unda institut rahbariyati, talabalikka qabul qilingan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi. Yoshlarning oliy ta’limga qamrovini oshirib borish, zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida izchil siyosat olib borilayotgani qayd qilindi. Talabalarga kelgusida o‘z bilimi bilan Vatan ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shishiga ishonch bildirildi.
Qayd etish lozim, 2024/2025-o‘quv yilida Andijon mashinasozlik institutiga 28 yo‘nalishga jami 1677 nafar (shundan 964 nafar kunduzgi) abituriyent birinchi bosqichga qabul qilindi. Shundan 200 nafari davlat granti asosida talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi.
Tadbirda davomida Mustaqilligimizning 32-yilligi bayrami munosabati bilan o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy faoliyatiga munosib hissa qo‘shgan, uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan professor-o‘qituvchilar va xodimlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda institut rektorining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandi. Bundan tashqari o‘tgan o‘quv yilida o‘zining a’lo xulqi, institut hayotidagi faol ishtiroki bilan ajralib turgan bir guruh talabalarning ota-onalariga institut rektorining Tashakkurnomasi topshirildi.
Tantanali marosim auditoriyalardagi «Mustaqillik darsi» bilan davom etdi.