Andijonda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik hamda oliy ta’lim muassasalariga talabalarni turar-joy bilan ta’minlanishi masalalari yuzasidan press-tur o‘tkazildi.
Unda yigirmadan ortiq ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar hamda ijtimoiy faol fuqarolar ishtirok etdi.
Press-tur davomida keyingi yillarda oliy o‘quv yurtlari talabalarini yotoqxona, turar-joy bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, 2024/2025 o‘quv yilida yotoqxona hamda ijaradagi uylarga joylashtirish masalasi hamda oliy ta’lim muassasalarida yo‘lga qo‘yilgan “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi” faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Markazlarda ko‘ngilli, faol yoshlar hamda mas’ullar turar joyga muhtoj talabalarga yotoqxona va ijara xonadonlari bilan ta’minlashda amaliy yordam berayotganliklari ko‘zdan kechirildi.
Qayd etish lozim, ayni paytda Andijon viloyatida 12 ta davlat (7 ta) va nodavlat oliy ta’lim muassasalarida 65 ming nafardan ziyod talaba tahsil oladi. Bugungi kunda ularning 12 ming nafarga yaqini oliy o‘quv yurtlariga qarashli talabalar turar joylarida istiqomat qiladi. Bir qancha talabalar esa institutlarga yaqin hududlardagi xonadonlarda ijara asosida yashab kelmoqda. Ularga oliygohlar tomonidan ijara pullari to‘lab berilmoqda.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga oliy o‘quv yurtlarining mutasaddi va mas’ullardan batafsil javoblar olishdi.
Qayd etish lozim, ayni paytda Andijon mashinasozlik institutida 4 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Muassasada 3 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, shundan 2 tasi institutga qarashli, bittasi davlat-xususiy sherikchiligi asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.
2024/2025-o‘quv yilida jami 1170 nafar talaba uchun joy ajratilgan bo‘lib, arizalar tegishli tartibda qabul qilinmoqda. Shu kunga qadar 700 dan ortiq talabaga turar joylarda turish uchun yo‘llanmalar berilgan. Bundan tashqari Andijon shahridagi “yashil hudud”larda joylashgan 380 nafar talaba uchun mo‘ljallangan 40 ta ijara xonadonlari tayyorlangan bo‘lib, yoshlarni qabul qilishga tayyor holatda.
Talabalarni ijara xonadonlariga joylashtirish bo‘yicha institut Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi xodimlari tomonidan Yagona elektron tizimi (erp.andmiedu.uz) ishlab chiqilgan. Platformada ijara xonadon va xostellarga joylashish uchun takliflar berilgan.
Platforma vazirlikning HEMIS va boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan bo‘lib, ariza beruvchi haqidagi axborotlar avtomatik tarzda shakllanadi.
Bundan tashqari institutda 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy talabalar turar joylarini qurish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi 563-son “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon mashinasozlik instituti hududida “Ixtisoslashgan montaj qurilish ta’mirlash” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan davlat-xususiy sherikchilik asosida 600 o‘rinli talabalar turar-joyi hamda o‘quv bino inshooti qurilmoqda.
Qayd etish lozim, bino 10 qavatdan iborat bo‘lib, tom qismiga quyosh panellari o‘rnatiladi. Binoning birinchi, ikkinchi va uchinchi qavatlari o‘quv binosi sifatida foydalanishga mo‘ljallanayotgan bo‘lsa, qolgan olti qavati talabalar turar joyidan iborat bo‘lishi belgilangan.
Talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, maroqli dam olishi uchun bu yerda barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Turar joy binosida zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuter xonalari, axborot-resurs markazi, shu bilan birga, dam olish va maishiy xonalari zarurligiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Qurilish ishlari yil oxiriga qadar yakunlanib, Yangi yil bayrami arafasida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.