“Yangi nafas” dasturi doirasida “Save Aral” marafonining Andijon viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi

Andijon viloyati hokimligi va bir qator sport federatsiyalar hamkorligida Yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ular o‘rtasida sportning yugurish turini yanada ommalashtirish maqsadida “Yangi nafas” dasturi doirasida “Save Aral” marafonining Andijon viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Marafonda yugurish sport turiga qiziqadigan atlet yoshlar ishtirok etdilar. Shahrimizda joylashgan 48-umumiy o‘rta ta’lim maktabi yonidan start olgan musobaqa viloyat drama teatri ostonasida o‘z yakuniga yetdi. Uzoq va mashaqqatli yo‘lni mardonavor bosib o‘tgan va finish chizig‘iga birinchilardan bo‘lib yetib kelishni uddalagan bir qator yoshlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan darajali diplomlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. E’tiborli jihati ushbu musobaqada ishtirok etgan barcha ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar berildi. Taqdirlash marosimi konsert dasturiga ulandi. Unda viloyatimizning umidli xonandalari va raqs maktabi tarbiyalanuvchilari o‘z ijod namunalari bilan tadbirga yig‘ilganlar kayfiyatini yuqori darajaga ko‘tarishga xizmat qildilar. Ushbu marafonda garchand bizning oliygoh vakillari shoxsupadan o‘rin olmagan bo‘lsalarda, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda faollik ko‘rsatdilar.

Image
Image
Image